404 Not Found

Not Found

The requested URL /tags/4.0.1/TopBanner.html was not found on this server.


Apache Server at core.svn.wordpress.org Port 80

Bilim olish kafolatlari

sumaz1989 Без рубрики Add comments

Demokratik jamiyat qurishni maqsad qilgan davlatning demokratlashuviga xos xususiyatni ko‘rsatuvchi shartlardan biri — insonning huquq va erkinliklari qonuniy tus olishi hamda uni ta’minlash uchun shart-sharoit yaratilishidir. Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurishdan maqsad — avvalo har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini, jumladan, bilim olish huquqini ta’minlashdan iborat.

Shu ma’noda, Konstitutsiya fuqarolarning bilim olish huquqini kafolatlashda asosiy hujjat hisoblanadi. Uning 41-moddasida «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir», degan qoida mustahkamlangan.

Aytish mumkinki, bugungi kunga kelib, yurtimizda bu borada katta ishlar qilindi, fuqarolarning bilim olish huquqini kafolatlovchi o‘ziga xos samarali mexanizm yaratildi. Jumladan, fuqarolarning bilim olish huquqini ta’minlovchi va kafolatlovchi davlat organlari tizimi shakllandi, shuningdek, sohadagi islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun ixtisoslashgan nodavlat tashkilotlar tashkil topdi.

Fuqarolarning bilim olish huquqini kafolatlovchi davlat organlari tizimini qo‘yidagi institutlar tashkil etadi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, ta’lim sohasidagi davlat organlari va boshqalar. Fuqarolarning bilim olish huquqini himoya qilish va qonun orqali kafolatlashda bu organlarning roli benihoya katta. Masalan, Oliy Majlis amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yo‘nalishini, asosan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tizimini demokratlashtirish, vakillik organining ijroiya organlariga nisbatan real mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarni himoyalashda rivojlangan davlatlar andozalariga yaqinlashish maqsadida yuzaga keldi. Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyatni mustaqil amalga oshirishda, mamlakat hayotining muhim masalalarini hal etishda katta vakolatlarga ega. O‘tgan davr­da Oliy Majlis tomonidan ta’lim sohasini isloh qi­lishga qaratilgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi va boshqa bir qator hujjatlar qabul qilindi, ular bugungi kunda sohaning muhim dasturilamaliga aylangan.

Bilim olish huquqini himoya qiluvchi tizimga yuqorida keltirilgan davlat organlaridan tashqari, maxsus tuzilgan va rivojlanayotgan nodavlat tashkilotlar ham kiradi. Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi shular jumlasidandir. Ombudsman fuqarolarning bilim olish huquqi buzilishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotlar ustidan tushgan shikoyatlarni qabul qiluvchi va ko‘rib chiquvchi mustaqil institut sifatida ish olib boradi.

Ombudsman fuqarolarning bilim olish hu­quqi buzilishining oldini olish maqsadini ko‘zlab tekshiruv o‘tkazishi, tavsiyalar berishi, ma’muriyatni to‘g‘ri yo‘lga solishi, uning natijalarini parlamentga va jamoatchilik e’tiboriga taqdim etishi mumkin.

Konstitutsiyamizda belgilangan bilim olish huquqi  davlatimizning bir qator me’yoriy hujjatlarida ham o‘z aksini topgan. Prezidentimizning «Ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish to‘g‘risida»gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining «Uzluksiz ta’lim tizimini darsliklar va o‘quv adabiyotlar bilan ta’minlashni takomillashtirish to‘g‘risida»gi hamda «Uzluksiz ta’lim tizimi uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish to‘g‘risida»gi qarorlari shular sirasiga kiradi.

Mamlakatimizda uzluksiz ta’lim siyosati amalga oshirilishi natijasida qisqa muddatda qator yutuqlarga erishildi, jumladan 1997 yili aholining savodxonlik darajasi 99,5 foizni tashkil etdi. Agar oliy o‘quv yurt­lariga 1996-1997 o‘quv yilida 28,6 ming talaba qabul qilingan bo‘lsa, 2005-2006 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 50 ming nafarni tashkil etdi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 60 ming nafardan oshdi.

Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi amalga oshirilishi tufayli 1 ming 536 ta akademik litsey va kasb-hunar kolleji barpo etildi, umumta’lim maktablarining 9 mingtasi to‘liq ta’mirlandi, yangidan qurildi, ularda 1 ming 800 dan ortiq sport zali namunaviy loyiha asosida barpo qilindi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, har bir shaxs jamiyatning faol a’zosiga aylanishi uchun avvalo o‘z haq-huquqidan erkin foydalanishi lozim. Buning uchun jamiyat hayotidagi barcha ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlardan qanchalik mohirona foydalana olsa, jamiyat hayoti ham shunchalik erkin muhitga ega bo‘ladi. Bunda Konstitutsiya har birimizning yo‘limizni yorituvchi mayoqdir.

Azim Xodjayev, huquqshunos.

Leave a Reply

WP Theme & Icons by N.Design Studio
Entries RSS Comments RSS Log in