ДАРСЛИК, ЎҚУВ-УСЛУБИЙ ВА БАДИИЙ АДАБИЁТЛАР БИЛАН ТАЪМИНЛАНГАНЛИГ ТЎҒРИСИДА МАЪЛУМОТ

 

 

 

Nima uchun kitob o’qimaymiz?!

Ne holki, keyingi paytlarda yoshlarning kitob o‘qimayotgani, dunyo adabiyoti durdonalaridan bexabar ekani, bilsa ham yuzaki bilishi to‘g‘risida ko‘plab maqolalar yozildi. Ko‘rsatuvlarda gapirildi. Davralarda bahs qilindi: “Xo‘sh, nima uchun yoshlar kitob o‘qishga qiziqmayapti?” Holbuki, savol mazmunini umumlashtirsak, ya‘ni, mavzuga kattalarni ham qo‘shsak, masalaga xolisroq, haqqoniyroq yondoshgan bo‘lardik: nima uchun b i z kitob o‘qimaymiz? Eshitganimiz javoblar turlicha. Kimdir yangi kitoblar chop etilmayotganini, do‘konlarda yaxshi asarlarning yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatadi. To‘g‘ri, ma‘lum muddat davomida kitob rastalarida bu holat kuzatildi, ammo bugun kitob do‘konlarimiz rang-barang adabiyotlar bilan to‘la-ku! Nafaqat o‘zimizda, balki xorijda chop etilgan turli tillardagi kitoblar ham bugun kitob rastalarimizni bezab turibdi. Qolaversa, mamlakatimiz nashriyotlarida tayyorlanayotgan ko‘rkam kitoblarimiz nufuzli matbaa ko‘rgazmalarida e‘tirof etilmoqda, yuksak mukofotlarga loyiq ko‘rilmoqda.

Boshqa birov kitoblar narxining qimmatligidan so‘z ochadi. Bor gap: bugun kitoblar nafaqat ma‘naviy boylik, balki moddiy boylik – mahsulotga aylandi. Nashriyot kitob chop etarkan, tabiiyki, moddiy manfaatni, ya‘ni foyda olishni ko‘zda tutadi. Butun dunyoda shunday: kitobning o‘ziga yarasha bahosi bor. Va, shubhasiz, yaxshi kitob o‘z qiymatiga arziydi. Shu bois bu bahona bo‘lolmaydi. Axir, kayf-safo uchun, qornimizni o‘ylab, o‘n minglab pulni ayamaymiz-u, biroq, uch ming so‘mga kitob sotib olarkanmiz, og‘rinamiz – bu bizga malol keladi. Kitobni tomosha qilib, aylantirib ko‘rib, yana o‘z joyiga qo‘yib qo‘yamiz. “Yaxshi-yu, sal qimmat ekan-da…” – deymiz o‘zimizcha. Go‘yo uni kimdir bizga bepul sovg‘a qilishi lozimday…

“Kitobxonlikning susayishiga sabab – uyali telefon, internet kabi zamonaviy texnologiyalarning ommalashuvidir” – buyam bir fikr. Ammo, bizningcha, zamonaviy texnologiyalar kitob o‘qishga to‘siq emas, vosita, ko‘makchi bo‘lishi ham mumkin. Axir, internetda dunyo adabiyoti durdonlari joylashtirilgan, eng yangi kitoblar targ‘ibot qilinayotgan, adabiy bahslar, tanlovlar uyushtirilayotgan qanchadan-qancha saytlar bor! Ularni o‘qishimiz uchun pul to‘lashimiz ham, ruxsat so‘rashimiz ham shart emas. Bor-yo‘g‘i, hafsala qilib o‘sha saytlarga kirsak, kerakli adabiyotlar bilan tanishsak, lozim topganlarimizni qog‘ozga chiqarib olsak – bas! Uyali telefon haqida ham shu gapni aytish mumkin: u – qulaylik, vosita. Qo‘lingizdagi mitta moslama orqali internetga kirishingiz, yoki ko‘chada ketayotib ma‘lumot byurosi orqali biror kutubxonaning, kitob do‘konining manzilini, telefon raqamini so‘rab olishingiz va yo‘lni shartta ma‘rifatxona tomon burishingiz mumkin. Hamma gap bu moslama-vositalardan qay tarzda, qanday maqsadlarda foydalanayotganimizda. To‘g‘ri, zamonaviy elektron kitoblar biz o‘rgangan muqovali, qog‘ozga chop etilgan kitoblarning o‘rnini hech qachon bosolmaydi, chunki kitobni qo‘limizga olarkanmiz, bevosita uning taftini, hidini tuyamiz; shakli, bichimini his qilamiz; birin-ketin varaqlarkanmiz, yangi-yangi dunyolarning eshigini ochganday bo‘lamiz; hatto varaqlaganimizda chiqadigan shitirlash ovozi ham bizga zavq beradi; bir so‘z bilan aytganda, qo‘limizdagi kitobni beshala sezgimiz bilan his qilishimiz mumkin. Elektron kitoblarda buning iloji yo‘q, ammo uning ham o‘ziga xos ustunligi bor. Buyam bo‘lsa, hali bizning noshirlarimiz qo‘liga, e‘tiboriga tushmagan asarlar bilan ertaroq tanishish, kerak bo‘lsa, kompьyuteringizga yuklab olish imkoniyatidir. Demak, haqiqiy kitobsevar uchun zamonaviy texnologiyalar chalg‘ituvchi to‘siq emas, yordam beruvchi moslama vazifasini ham o‘tashi mumkin ekan.

“Tirikchilik tashvishlari tufayli kitob o‘qishga vaqt yo‘q, oshna, o‘zingiz tushunasiz, axir, bola-chaqa deganday…” – yelka qisamiz o‘zimizga yaxshi qalqon topib olganday. Holbuki, o‘sha “tirikchilik tashvishlari” deganimizning aksar qismi behuda orzu-havaslardan iborat emasmi? Kunlab, haftalab to‘y qilsak, hatto azani ham dabdabali qilib o‘tkazishga urinsak, choyxona-yu tongotar bazmlardan bo‘shamasak, keraksiz matohlar bilan uyimizni to‘ldirib, qimmatbaho lash-lushlarimiz bilan maqtanib-chiransak – kitob sotib olishga va o‘qishga vaqt, imkoniyat, hafsala qoladimi!? Eng yomoni, bizning turli bema‘ni ko‘ngilxushliklarimizga qo‘shilmasdan, uyida tinchgina kitob o‘qib o‘tirgan, yoki biror foydali kashfiyot, ixtiro bilan shug‘ullanayotgan kishi haqida bepisandlarcha hukm chiqaramiz: elga qo‘shilmaydi, odam emas, deb. Endi, haqiqatni tan olaylik: mana shunday johilona o‘y-qarashlarga asir bo‘lishimizning ham bosh sababi shu – kitob o‘qimasligimiz yoki o‘qisak ham, uqmasligimiz emasmi!?

Xo‘sh, kitob o‘qishimizga, uqishimizga nima xalaqit bermoqda? Asosiy gap, muammo nimada?

Muammo, bizningcha, o‘zimizda. Bizning dunyoqarashimiz, tarbiyamizda. Azal-azaldan xalqimiz kitobni mo‘‘tabar, muqaddas bilgan. Maxsus sandiqchalarga solib, baland tokchalarda, javonlarda saqlagan. Uylarning to‘rida turgan. Yuviqsiz, tahoratsiz ularga qo‘l urilmagan. Bunday hurmat faqat diniy kitoblarga emas, barcha kitoblarga, jumladan, Navoiy, Bobur, Mashrab, Fuzuliy, Ogahiy asarlariga, turli ilmiy risolalarga ham ko‘rsatilgan. Fayzli oqshomlarda bu kitoblar oilaviy davralarda o‘qilgan. Bolalarga ularning mag‘zi chaqib berilgan.

Bugun-chi?

Ota-ona kechqurun o‘g‘il-qizlarini dasturxon atrofiga yig‘ib olib, ichakday cho‘ziluvchi serialni oylab tomosha qiladi. Serialning mazmuni bolalarning tarbiyasiga qanday ta‘sir qilyapti, ularning yoshiga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi – ishi yo‘q. Farzandlari qanday kitob o‘qiyapti, umuman, o‘qiyaptimi o‘zi – bilmaydi. Chunki shu yoshga kirib farzandiga birorta kitob sovg‘a qilmagan, o‘zi ham oxirgi marta qachon kitob o‘qiganini eslolmaydi, qachondir uyga adashib kirib qolgan kitob javoni ham qimmatbaho idish-tavoqlar bilan to‘lgan, xullas, bu xonadonda hamma narsa bor-u, faqat bechora kitobga joy yo‘q… Bu fikrimiz bilan hamma shunday demoqchi emasmiz, lekin, afsuski, bu holat ko‘pgina oilalarga begona emas. Bunday kaltabin ota-onalar kitob varaqlay boshlagan murg‘ak bolalarini jerkib, “Nima, o‘qib menga dunyoni olib berarmiding?” – deydi bepisandlarcha. “Mana, men kitob o‘qimasam ham kam bo‘lganim yo‘q-ku, undan ko‘ra foydaliroq ish qil…” – deydi qo‘shimchasiga. Ey baraka topgur, qaydan bilasiz, ehtimol, kitob o‘qiganingizda bundan ham yuksakroq baxt-omad cho‘qqilarini zabt etarmidingiz!? Hech bo‘lmaganda, ota-bobongiz ko‘ziga surtib o‘tgan kitobni yerga uradigan, haqorat qiladigan johillar toifasidan bo‘lmasligingiz aniq edi. Farzandingizga qimmatbaho kiyimlaru turli ermaklar sotib olayotgan chog‘ingizda ikkitagina kitob ham xarid qilgan bo‘lardingiz…

Yana o‘sha savol ko‘ndalang: nima uchun biz kitob o‘qimaymiz?

Bu savolga javob berish uchun har xil vaj-karsonlarni pesh qilishimiz mumkin, ammo gapning po‘stkallasi shu: ko‘pchiligimiz fikriy yalqovlikka, erinchoqlikka mubtalo bo‘lganmiz. Olam va Odam, Hayot va Mamot haqidagi chigal savollarga javob axtarishga, bu yo‘lda kitob titikilab, igna bilan quduq qazishga hushimiz yo‘q. Undan ko‘ra yengilroq ermaklarga, ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga moyilroqmiz. Uch-to‘rt soatlab xuddi kitobday ochilib-yopiladigan nard taxtasiga termilib o‘tiramiz, ammo uch-to‘rt daqiqa kitob o‘qisak, yuragimiz siqiladi. Hatto gazeta-jurnallarni ham eng yengil ruhdagi maqolalar, hajviyalar bosiladigan sahifalaridan boshlab o‘qimoqchi bo‘lamiz. Bizni fikrlashga, o‘ylashga majbur qiladigan maqolalarni esa, sal keyinroq – vaqtim bemalol paytida o‘qiyman, deb paysalga solamiz va ko‘p hollarda ular o‘qilmasdan qolib ketadi.

O‘ylab qarasak, kitob o‘qish ham o‘ziga yarasha jiddiy ish. Har qanday jiddiy ishga muayyan tayyorgarlik bilan kirishilgani kabi har bir kitob mutolaasiga ham mas‘uliyat bilan yondoshmoq zarur. Shunchaki vaqtim bo‘lganida o‘qiyman, mutolaadan maqsad – bo‘sh vaqtimni mazmunli o‘tkazish, deb o‘ylasak xato qilamiz. Nafaqat qo‘lga olgan paytimizda, balki undan vaqtinchalik uzilgan, hatto butunlay o‘qib bo‘lgan paytimizda ham kitobdagi mushohadalar ta‘sirida yursak, mulohazalar zanjirini davom ettirsak, xayolimizdagi savollarga baholiqudrat javob axtarsak, demak, chinakamiga kitob o‘qigan bo‘lamiz. “Falon kitob haqida hamma gapirayapti, men ham o‘qib qo‘yay, tag‘in biror davrada shu haqda gap ketsa, mum tishlab o‘tirmayin”, degan muddao bilan kitob o‘qisak, shubhasiz, mutolaa jarayoni o‘ta zerikarli, zavqsiz va tabiiyki, befoyda kechadi.

Kitobxonlik madaniyati haqida gap ketganda, o‘z-o‘zidan, kitobga bo‘lgan munosabatimizni ham o‘ylab ko‘rmog‘imiz lozim, albatta. Xo‘sh, bugun kitob biz uchun nima? Muqovaga solingan qog‘oz taxlamimi? Kitob javonida turadigan oddiy buyummi? Uy bezagimi? Yoki, bizga ko‘p bor uqtirilgani kabi, eng yaqin do‘stimizmi?! Yaxshi eslayman: xudo rahmatli bobom kitoblarimizning har joyda sochilib yotganini ko‘rsa qattiq tanbeh berardi. Keyin… noqulay bo‘lsa ham aytay: hojatxonaga qog‘oz qo‘ydirmas, buni uvol, gunoh deb bilardi. Bugun, mayli, dunyoqarashimiz o‘zgargan, qolaversa, maxsus qog‘ozlar ishlab chiqarilmoqda, biroq ba‘zan hojatxonalarda turgan kitobu jurnallarni ko‘rib, o‘rtanib ketasan: nahotki shu darajaga yetdig-a?! Bu manzarani ko‘rib, tabiiy holday bilib o‘sayotgan farzandlarimizning kitobga, mutolaaga munosabatidan o‘pkalashga haqqimiz bormi?!

Bir paytlar boshimizda turgan kitob bugun oyog‘imiz ostida o‘z qadriga yig‘lab yotsa, buning uchun kimni ayblashimiz kerak? Kitobnimi, o‘zimizni, yoki darsligidan bir sahifani sharillatib yirtib olgancha “samolyot” yasashga kirishgan o‘g‘limiznimi?

O‘tgan yili bir do‘stim menga o‘zim suygan shoirning kitobini sovg‘a qildi. Yangi kitob deb o‘ylasangiz, adashasiz. Eski, muqovasiga dog‘-dug‘ tekkan va, eng yomoni, boshidagi ko‘plab varaqlari yirtib olingan kitob! Do‘stim sho‘rlik kitobni pista sotadigan xolaning changalidan zo‘rg‘a qutqarib olibdi. “Ust-boshini qoqib”, chang-chungini artib menga olib kelibdi. Boshim osmonga yetdi. Ammo har gal uni qo‘limga olgan paytimda boyoqish kitob hasrat qilayotganday, pista po‘choqlariga qo‘shilib axlatchelakka otilgan sahifalarini sog‘inib nola chekayotganday bo‘ladi. Qani endi, uni yupata olsam…

“Bugun nega kitob o‘qimayapmiz?” degan savolga “Yo‘q, savolning o‘zi o‘rinsiz, odamlar kitob o‘qiyapti, lekin kim nimani o‘qiyapti – bu boshqa masala!” deb javob qilish ham mumkin. Chindan ham, agar o‘ylab qarasak, bugun kitobxonlar qaysidir ma‘noda tabaqalashganday. Bir toifa borki, faqat eng yuksak san‘at asarlarini, teran tafakkur yolqinlari aks etgan kitoblarni o‘qiydi. Bunday xos kitobxonlar uchun ongu shuurda inqilob yasamaydigan, fikrlashga turtki bermaydigan asarlar qadrsizdir. Har bir asar o‘ziga xos kashfiyot bo‘lsin, o‘qiganingda qalb, tafakkur, ruhiyat puchmoqlaridagi eng yashirin holatlarni ham yuzaga olib chiqsin, mutolaadan so‘ng bir qadar yuksalganingni sezishing lozim, deyishadi ular. Bunday kitobxonlar soni hamma zamonlarda ham unchalik ko‘p bo‘lmagan. Shu bois ular o‘qiydigan asarlar qo‘lma-qo‘l bo‘lmasligi mumkin. Ikkinchi toifa vakillari kitob tanlashda unchalik injiq emas. Ular adabiyotning murakkab timsolu majozlariga ko‘pam e‘tibor beraverishmaydi. Muhimi, kitob mahorat bilan va ayni paytda qiziqarli qilib yozilgan bo‘lsa – bo‘ldi. Ular uchun kitob birinchi galda yaxshi sirdosh, hamrohdir. Hayot manzaralari haqqoniy, yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan asarlar ularning jonu dili. Bunday kitobxonlar soni nisbatan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Endi, uchinichi toifa ham borkim, ular kitob o‘qish orqali tiynatidagi qora mayllarni qondirib, shundan huzur qilgisi keladi. Turli zo‘rovonlik, fahsh va boshqa illatlarning urug‘i “qadalgan” sahifalarni yutoqib o‘qirkan – agar filьtrlash qobiliyatidan mahrum bo‘lsalar – tobora tubanlashib boraveradilar. Bunday toifadagi kimsalarning ojizligini bilgan ustamon qalamkashlar esa ataylab sun‘iy, ammo e‘tiborni tortuvchi, odamdagi salbiy mayllarni qitiqlovchi syujetlarni o‘ylab topaverishadi. Bunday asarlarning badiiy qimmati haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yozuvchi etikasi, obrazli fikrlash, yuksak san‘at tamoyillari, o‘quvchi oldidagi mas‘uliyat kabi tushunchalar bunday “asarlar”ga yetti yotdir. Hatto eng birlamchi talab – asar tilining o‘ziyoq asabingizni buza boshlaydi: savodsiz, palapartish va eng yomoni ataylab buzib yozilgan gap-so‘zlar yig‘indisini ko‘rib, ko‘nglingiz ayniydi. Afsuslar bo‘lsinkim, bunday “asarlar” keyingi paytlarda kitob rastalarida tez-tez paydo bo‘lmoqda. Nomini, sarlavhasini o‘qiboq, ularni darrov tanishingiz mumkin. Qarangki, bunday qora bitiklarni yozadigan, rag‘batlantiradigan, chop etadigan va o‘qiydigan guruh paydo bo‘lmoqda. Ularni bitta narsa – pul, manfaat birlashtiradi, ular bozor talablariga osonlikcha moslashgan bo‘lib, o‘zlarining hech qachon adabiyot qasriga kira olmasliklarini bilganlari holda faqat foyda ketidan quvadilar, ongli ravishda sof, murg‘ak ko‘ngillarni zaharlaydilar. Achinarlisi, agar ahvol shu tarzda davom etsa, uchinchi toifa vakillarining soni ortib boraveradi.

Odam o‘ziga mos, o‘z xarakteriga yaqin odamlar toifasidan do‘st axtarganiday, o‘z ruhiy dunyosiga uyg‘un kitoblarni o‘qigisi keladi. Shu ma‘noda, eski maqolni biroz tahrir qilsak, mohiyatan hech narsa o‘zgarmaydi, ya‘ni: “Sen qanday kitob o‘qiyotganingni ayt – men sening kimligingni aytaman!” Chindan ham sanoqsiz kitoblar orasidan tanlab olganimiz, qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyotgan kitobimiz bizning dunyoqarashimiz, qiziqishimiz, xarakterimiz, didimiz haqida bir qadar tasavvur beradi. Ba‘zan “falon kitobni o‘qib chiqdim, juda zo‘r asar ekan!” degan ta‘riflarni eshitib, miyig‘imizda kulib qo‘yamiz. Hatto goho taniqli adabiyotshunoslar maqtab, tavsiflab yozgan asarlar ham bizni o‘ziga jalb qilolmaydi. Chunki boshqa birov uchun mumtoz sanalgan asar biz uchun qadrsiz, ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Bunda hech kimni ayblab bo‘lmaydi. Axir, sen nega falonchi bilan do‘stlashding, yoki nega u bilan do‘st emassan, deb birovning yoqasidan olmaymiz-ku. Ammo, jamiyatda shunday tuban kimsalar borki, yaqinlarimizni ulardan asragimiz, ogohlantirgimiz keladi. Ular bilan do‘stlashish u yoqda tursin, yaqiniga ham yo‘lama, deymiz. Kitoblar ham shunday: yaxshi do‘stlari ham, bema‘ni, hatto yaramaslari ham bor. Shunday kitoblar ham borki, didingizni o‘tmaslashtiradi, ma‘naviyatingizni xiralashtiradi, tubanlikka chorlaydi. Bunday kitoblar harqancha ko‘tar-ko‘tar qilinmasin, chiroyli, jimjimador muqovalarga yashirinmasin, oxir-oqibat o‘z haqqoniy bahosini oladi va baland javonlardan qulab tushib, bir to‘da makulaturaga aylanadi, xolos.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bugungi kunda kitobning qadrsizlanishiga mana shunday betayin kitoblar-u vijdonsiz qalamkashlar ham sabab bo‘lmayaptimikan? Axir, bunday kitoblarni qanday qilib boshga ko‘tarish, e‘zozlash mumkin?! Milliy qadriyatlarimizga, ma‘naviyatimizga xuruj qilayotgan bunday kitoblardan aksincha xalos bo‘lishimiz kerak emasmi?! Hech bo‘lmaganda, ularga qarshi o‘zimizda ma‘rifiy immunitet hosil qilishimiz lozim-ku. Bu esa, yana qaytarib aytamiz, chinakam badiiy asarlarni, favqulodda talant egalari yozgan kitoblarni o‘qish orqali amalga oshadi. Jamiyatimizda ana shunday yuksak didli kitobxonlarning soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, bizni o‘ylantiradigan ma‘naviy muammolarning yechimi ham shuncha osonlashadi.

Demak, ayon bo‘lyaptiki, biz nega kitob o‘qimayapmiz, deb bir-birimizni tergar ekanmiz, eng avvalo haqiqiy kitoblarni, insoniyat ma‘naviy mulkining nodir javohirlarini nazarda tutamiz. Ilhomsiz, ruhiy to‘lg‘oqsiz yozilgan, tor va tuban tamoyillar asosida bitilgan kitoblar esa, bizning hayrixohligimizga muhtoj emas. Chinakam asarlarni o‘qishimiz, targ‘ib qilishimiz uchun, shubhasiz, yuqorida ta‘kidlaganimiz illat – fikriy dangasalikdan qutilishimiz, o‘zimizni ulkan maqsadlar sari chog‘lashimiz zarur.

Yaqinda bir shoir ukamizning “kitobxon kimsa” haqidagi she‘rini o‘qib qoldim. She‘r xulosasida “u uxlamoqchi bo‘lsa, qo‘liga kitob oladi” degan fikr aytilgan. Qarang-a, turli ixtirolarga boy XXI asrda kitobdan “uxlatadigan dori” sifatida foydalanuvchi kishilar ham bor ekan. Holbuki, kitob mudroq dillarni uyg‘otuvchi, bedorlikka chorlovchi qo‘ng‘iroq, g‘aflat ko‘rpasini yig‘uvchi, odamni fikrlashga, harakat qilishga undovchi kuch manbaidir. Toki undan quvvat olarkanmiz, ruhimiz tetik, qalbimiz tiniq tuyg‘ularga boy, tafakkurimiz o‘tkirlashib boraveradi. Zero, maqolamiz boshida aytilganiday, oldimizda bizni hali o‘qilmagan kitoblar kutayotgani – ulkan baxtimiz, biroq ularni bir umr o‘qimasdan o‘tib ketishimiz esa cheksiz baxtsizligimizdir. Xudo sizu bizni ana shu ko‘rgilikdan asrasin…